Yaxshi niyat-yarim davlat
Yaxshi niyat – yarim davlat, deydi xalqimiz.
Tilak bildirish, yaxshi niyat, duoyu olqishlar – bu ham o’zbek
xalqining
eng qadimiy udumlaridan biridir. Inson hayotining barcha fasllarida,
turli yoshlarda, turli munosabatlar bilan, turmushning barcha
chorrahalarida bir-biriga tilak bildiradi, yaxshi niyat qiladi.
Bola tug’ilganda,-"Farzand, zurriyod muborak bo’lsin deya umriyu
rizqi, ota-onasi, boboyu buvisi bilan bergan bo’lsin",-
deyiladi. Bu ixcham tilakning mazmunida katta hikmat bor. Bolaki
tug’ilibdimi, avvalo uning umri uzun bo’lsin, rizqi nasibasi mo’l
bo’lsin, ota-onasi tarbiya berib, oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazar
ekan, farzandining huzur-halovatini, rohatini, iqbolini ko’rishsin,
xalqning og’irini yengil qiladigan shaxs bo’lib yetishsin kabi
ko’pga va uzoqqa mo’ljallangan tilaklar birgina shu ibora hikmatda
o’z jamuljamini topgan.
O’g’il uylantirayotgan, qizini turmushga chiqarayotganda ham yangi
oila qutlug’ bo’lsin deya muborakbod qilinib, “Iloho ikki
yoshning baxti iqbolini bersin, qoshgani bilan qo’sha
qarisin, uvali-juvali bo’lishsin, tuproq olishsa oltin bo’lsin”
kabi ixcham niyatlar bildiriladi. Bu bilan hamrohini topgan baxtu
saodatini ham topsin , o’la-o’lguncha bir-birlariga sodiq yostiqdosh
bo’lishsin, farzandlari ko’pu tarbiyali bo’lishsin, topganlari
o’zlariga nasib qilsin, avlodning munosib davomchilari bo’lsinlar
singari hayotiy, samimiy tilaklar ko’zda tutilgan.
Safarga, sayyohatga, xizmatga otlanayotgan kishilarga, “Safaringiz
bexatar bo’lsin, eson-omon yana diydor ko’rishaylik, xudo yor,
pirlar madadkor bo’lsin” , degan tilaklar bildiriladi.
Mo’ysafidlar, ota-onalar farzandlarining duoyi jonini qilisharkan, “oy
borib, omon qaytgin”, deya kaftlarini yuzlariga surtib,
fotiha tortishadi. “Omad yor bo’lsin, olginu oldirmagin, to’rt
muchang sog’ bo’lsin, xudo o’z panohida asrasin, chor-yorlar
madadkor bo’lsin” tilaklari ham shu holatlarda qo’llanilishi
mumkin.
Biror joydan, shahar, qishloq, davlat, safar va ziyoratdan qaytgan
kishilarga, “ziyoratlar qabul bo’lsin” degan niyat bildiriladi.
Bunga javoban safardan qaytgan shaxs, “murodingiz hosil bo’lsin”
deya minnatdorchilik bildiradi. Buning ma’nosi shuki, xolis, ezgu
niyatlar bilan ziyoratga chiqib, mozor bosib, ulug’
avliyo-anbiyolarni ziyorat qilib qaytibsiz, yaxshi niyatlaringizni
xudo o’z dargohida qabul qilsin, deyilayapti. Javobda esa ikki
ma’noli mantiq jo bo’lgan: Iloho aytganingiz kelsin, insholloh,
Sizga ham ushbu ziyoratning savobidan tegsin, ma’nolari shular
jumlasidandir.
Odamlar ko’ngillari to’lmagan, gumonsiragan shaxs, voqea-hodisa, ish
haqida odatda, “oxiri baxayr bo’lsin, oxirini yarlaqasin”
degan mulohaza – tilak aytishadi. Bu bilan ushbu shaxs yo hodisaning
ketishi shu bo’ladigan bo’lsa, oqibati yaxshilikka olib bormaydi,
yana ham Xudo insofini berib, bir tomonga boshqarib, oxirini
yarlaqasa, noumid shayton, deya umid bildiriladi.
Marhumlar xotirasiga fotiha o’qilarkan, “Xudo dargohida qabul
qilsin, joylari jannatda bo’lsin, go’rida tinch yotsin, arvohi shod
bo’lsin, xudo rahmat qilsin” kabi tilaklar va ularning
teng muqobillari ishlatiladi. Xonadon sohibiga, “Xudo sabr
bersin, marhumning qolgan umrini sizga, bola-chaqangizga bersin,
qaratmagan tabibingiz qolmadi, xudoning irodasi shu ekan, xudo bir,
o’lim
barhaq” deya yupatiladi, ko’ngil so’raladi. “Bandalik,
hammamizning ham boshimizda bor gap, borar joyimiz o’sha
manzil” singari iboralar ham shu marosimning yupatuvchi iliq
so’zlari sanaladi. Marhum keksa odam bo’lsa; “ Shu kishining
yoshlariga yetib yuraylik, o’lim emas, buni to’ deyavering,
tabarruk”,- deyiladi. Keyingi yosh avloddan biror farzand marhum
bobo, ota, xola, onaga o’xshatiladigan bo’lsa, marhum hayotdan yosh
ko’z yumgan bo’lsa “Umri o’xshamasan-u, falonchi pismadonchiga
quyib qo’ygandek o’xshabdi”,- deyiladi.
Kasal bemor ko’rgani borganda, avvalo kech borilmaydi, payshanba
kuni bemor ko’rilmaydi, “Tuzalib qoldingizmi, xayriyat, rang-ro’yingiz
binoyiday” deyiladi. Qaytayotganda xayrlashayotib, “Xudo
shifo bersin” deya yuzga fotiha tortiladi, “Dardini bergan
Olloh davosini ham beradi, keng fe’lli bo’ling, ko’pi ketib ozi
qoldi, ko’rmagandek bo’lib ketasiz”, - deyiladi.
Gadolar tilanib oldingizdan chiqsa ham o’zbek ortiqcha sarmoyasi
bo’lmasa, peshvozga qattiq gapirmaydi, xudo bersin, deya yaxshi
niyat qilib, o’tib ketaveradi. Bir kam dunyo. Bola-chaqaning
bosh-oyog’iga, sandig’i, sarpo-surug’iga yetkazishning iloji
bo’lmasa, “hammasi to’la-to’kis bo’lishi shartmas, peshonasiga
bersin”, deyiladi.
Ostona hatlab, o’zga xonadonga kirilganda, yuzga fotiha tortilarkan,
“Iloho, tinchlik-xotirjamlik, omonlik bo’lsin, boy-badavlat Xizr
barakasini bersin, qadam yetdi, balo yetmasin” kabi so’z va
iboralar qo’llaniladi.
Biror kishi yangi kiyim, joy – jalol, mol-mulklik bo’lganida
o’zbekchilikda “Qulluq bo’lsin, muborak bo’lsin, nasib etsin,
tepkilab-tepkilab kiying, egningizda to’zisin, yarashibdi, buyursin”
kabi so’z va iboralar qo’llaniladi.
Xalqimizda odamlarga yaxshilik qilish, birovning kori xayriga yarash
axloq normasi, odamgarchilik, insoniy burch sanaladi. “Yaxshilik qil
daryoga tashla, baliq biladi, baliq bilmasa – Xoliq biladi”
aqidasiga rioya qilarkan o’zbek har bir o’zga insonga, uning yoshi,
jinsi, millati, qavmidan qat’iy nazar, yaxshilik sog’inib yashaydi.
Yaxshi niyat, tilak bilan bog’liq o’zbek xalq maqollari ham bir
talay. Ulardan:
Yaxshi so’z jon ozig’i, yomon so’z bosh qozig’i;
Yaxshi oshini yeydi, yomon boshini;
Yaxshidan vafo, yomondan jafo;
Yaxshilik to’rga eltar, yomonlik go’rga;
Yaxshilikka yaxshilik- har kishining ishi, yomonlikka yaxshilik- er
kishining ishi;
Yaxshi so’z ham, yomon so’z ham bir og’izdan chiqadi;
Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqar, yomon gap bilan pichoq qinidan
chiqar;
Yaxshini bil o’zidan, yomonni bil ko’zidan;
Yaxshini ko’rib shukur qil, yomonni ko’rib fikr qil;
Yaxshilik qilsang yashir, yaxshilik ko’rsang oshir;
Odamdan yaxshi ot qolsin;
Yaxshi chechakka bolari qo’nar
kabi axloqiy- tarbiyaviy maqol-naqllar shular jumlasidandir.
Yaxshi niyat-tilaklar odob-axloq, nasihat, maslahat, yaxshilik
sog’inish mayllarida bo’lganidan oddiy muomala-munosabat, kundalik
turmush lahzalari, umrguzaronlik yo’llarida, umr saboqlari sifatida
har qadamda uchraydi:
Xush kelibsiz;
Xush ko’rdik;
Yaxshi boring;
Yaxshi qoling;
Yaxshi yotib turing;
Shirin tushlar ko’ring;
Yoqimli ishtaha, ishtahangiz karnay bo’lsin;
Xayrli tun, xayrli tong; yaxshilikka buyursin;
Yaxshi kunlaringizga yarasin;
Yaxshi kunlarda ko’rishaylik;
Yaxshiliklaringizga qaytaray;
Ko’z tegmasin;
Baraka toping;
Uyingizga bug’doy to’lsin;
Bola-chaqangizning huzur-halovatini ko’ring;
Yaxshi niyatlaringiz o’zingizga yor bo’lsin;
Tuproq olsangiz oltin bo’lsin;
Qo’chqorday o’gil bersin;
Topganingiz to’yga buyursin;
Fayz-barakangizni bersin;
Umringiz uzoq bo’lsin;
O’ylagan niyatlaringizga yetib yuring;
Topish-tutishingizga Ollohim baraka ato qilsin.
Insonning boshiga har xil savdolar tushishishi mumkin. Minnatsiz
osh, g’avg’osiz bosh bo’lmasa, deydi o’zbek. Jabrdiyda, alamdiyda
kishidan ko’ngil so’raganda, uni yupatilganda, odatda,
“Ko’nglingizni cho’ktirmang, oyning o’n beshi qorong’u bo’lsa, o’n
beshi yorug’”, “Albatta yorug’ kunlar ham keladi”, “Boshingiz omon,
joningiz sog’ bo’lsin”, “Boshingiz toshdan bo’lsin”, “Bu kunlar unut
bo’lib ketadi”, “Davlat, pul qo’lning kiri”, “Mol topiladi, jon
topilmaydi”
qabilidagi jumla, ibora, so’zlar, maqolu naqllar qo’llaniladi.
Adolatsizlik oldida ojiz qolib, yer mushtlab, yiglab-zorlanib turgan
odamga, “Kuyinmang, keng bo’ling, u Xudo bexabarga ham
tikilgani-boqqani bordir”, “Qarz qiyomatda qolmas” deydilar. “Qirq
kun o’tmay xudoyi taolloning o’zi ko’rsatadi”, “Xudoning g’azabiga
uchraydi, o’shanda meni aytdi deysiz”, degan gaplar bilan
tasalli berishadi.
Kishining ko’ngliga qarash, nozikta’blik, dardkashlik, hamdardlik
o’zbekning ko’ngil hamrohi. Biz o’zganing dard-g’amiga, tashvishiga
loqayd, befarq qarolmaymiz. Shodligidan boshimiz osmonga yetsa,
dard-tashvishida sherik bo’lamiz. Shunda quyidagi so’zlarni
ishlatamiz:
Mushkulingiz oson bo’lsin.
Do’stga xor, dushmanga zor, nodonga muhtoj qilmasin.
Ko’nglingizga olmang.
Og’ir bo’ling.
Boriga baraka.
Barakasini bersin.
Qatorda xato bo’lmasin.
Ko’pga bersin, ko’p qatorida bizga ham bersin.
Bir-birimizdan kam qilmasin.
Ishingiz baroridan(o’ngidan) kelsin.
Ko’p bersin, ko’l bersin, keng fe’l, ketmas davlat bersin.
Yomonning yuzini teskari qilsin.
Yaxshilarga yondashtirgin, yomonlardan uzoqlashtirgin.
Aytganingiz kelsin.
Farishtalar omin desin.
O’zaro muomala-munosabat, uchrashuv, yuz ko’rishuvlarda shunday
qisqa muloqatlar bo’lib o’tadi:
-Xirmonga baraka.
- Umringizga baraka.
- Yaxshimisiz, tan-joningiz sog’mi?
- Xudoga shukur, o’zingiz tinchmisiz, bola-chaqalar omonmi?
- Bu yaxshiligingizni o’la-o’lguncha unutmayman. Mendan qaytmasa,
Xudodan qaytsin.
- Bandasidan yaxshilik qoladi. Bu mening insoniy burchim.
- Minnatdorman, Xudo umri joningizni ziyoda qilsin, dunyo turguncha
turing. Bola-chaqangizning orzu-havasini ko’ring.
- Rahmat, yaxshi niyatlaringiz o’zingizga ham yor bo’lsin…
Sig’inish, iymon-e’tiqod bilan bog’liq yaxshi niyatlar ham hayotda
juda ko’p qo’llaniladi. Ular ruhlanish, madad, ishoncha va e’tiqodni
kuchaytirishga yordam beradi.
“Yo Ali”, “Yo pirim”, “Yo Alisheri Xudo”, “Yo Rabbim” kabi
xitoblar shular jumlasidandir. Bir ishga jazm qilish, faoliyatni
boshlash, kirishish , polvonlik, kurash hamda ko’pkari-uloqda va
boshqa harbu zarblarda kuch-quvvat talab qilingan lahzalarda bu
xitoblar bot-bot qo’llaniladi.
Dasturxon, taom, bir piyola choy ustidagi suhbatlarda, daf’atan osh
yeb turganimizda mehmon kelib qolsa, “E, keling, keling,
qaynonangiz suyar ekan”, deyiladi. Mehmon ham, albatta, “Rahmat,
qaynonam suymasa, qizini berarmidi”, deydi. Ovqatni oxirigacha
yedirishga undashda, “Oling, qoldirmang, dunyoning oxiriga yetib
yuring, hamma savobi shu oxirgi luqmada-ya”, degan jumla
ishlatiladi. Choy quyayotganda, so’nggi payola choy uzatilgan
kishiga, piyolada choy juda kam bo’lsa-da, “Marhamat,
dunyoning oxiriga yetib yuring”, deyiladi. Bu bilan, avvalo choy
quyuvchi o’zini, mehmonni choyning kamligi uchun xijolatpazlikdan
qutqazadi. Ikkinchidan, dunyoning oxiriga yetib yuring , deganda-
Sizning umringiz tugaganda, dunyo ham tugab, qiyomat qoyim bo’lsin,
degan niyat emas, xudo bergan umringizni yashang-u,
o’bro’-e’tiboringiz, yaxshi nomingiz dunyo turguncha tursin,
umringiz boqiy bo’lsin, degan niyat yotadi.
O’zbekning har gapida ishlatiladigan yaxshi niyat, tilaklari bu
xalqning odob-axloqi yuksak bo’lgan qadimiy madaniyat egasi
ekanligidan dalolat beradi. “Yomonlik hammaning, yosh bolaning
ham qo’lidan keladi”, deydi xalq.
Qavmimizning tili shirin, gapi qiziq, qalbi saxovat, mehr-muhabbatga
to’la, niyatlari pok, yaxshilik va ezgulikka yo’g’rilgan. Siz bilan
biz ham bu xislatlardan benasib qolmasligimiz lozim.
Yuqoriga qaytish

Kattaga hurmatda, kichikka shafqatda bo'lish
Kundalik hayotimizda shunday narsalar borki, ularni bajarmasdan
hayot kechirishning o'zi mumkin emas.
Masalan,
ovqatlanish, kiyinish va hakozolar. Biroq, ahamiyatsizdek tuyulgan,
aslida zaruriyatdan ham zaruriyroq ba'zi bir taomillar,
urf-odatlarni ham yoddan chiqarmaslik kerak. Tasavvur eting, ertalab
turganingizda derazadan mo'l-ko'l quyosh nuri tushib turibdi. U
Sizning ovqatlanishingizga ham, kiyinishingizga ham zarracha aloqasi
yo'q. Biroq, bu omil ruhingizni ko'tarib yuboradi, beixtiyor
shodlanasiz, hayot ne'matlarining nechog'li qadr-qimmatli ekanligini
anglaysiz. Tabiatning boshqacha manzaralari, olis-olis ufqlar,
ekinzorlar, o'tlaqlar ham dilingizda g'alati, anglab bo'lmas
his-tuyg'ularni uyg'otadi. Bu tuyg'ular sirli tuyulsa-da, ruhingizni
yuksaltiradi. Siz jamiki mavjudodga, yorug' olamga, tabiatga
shukronalar aytigingiz, odamlarga yaxshiliklar qilgingiz keladi.
Ana shunday insoniy tuyg'ular-la bog'liq, hamisha, har qanday
vaziyatda yaxshilikka undovchi udumlarimizdan biri kattaga hurmat,
kichikka shavqatdir.
Xalq og'zaki ijodida deysizmi, o'zaro suhbat-gurunglarda deysizmi,
bu aqida hech qachon chetda qolmagan. Ma'lumki, yozma adabiyot ham
insonlarning eng go'zal narsalarga ehtiyojian kelib chiqqan.
Hikoyami u, she'rmi u-ehtiyoj farzandidir. Kattaga hurmat, kichikka
shafqat hislariga tashnalik juda ko'p so'z san'atkorlariga turtki
bergani ayon.
Donishmand bobolarimiz, keksa kishilarga, ota-onaga, aka-uka,
opa-singil, qarindosh-urug'larga, mahalla-guzar ahliga nisbatan
hurmat , mehr-oqibat, shafqat, muhabbat tuyg'ularini yurakdan eng
asl gavhar donasiday asrash to'g'isida maxsus tarbiyaviy risolalar
bitganlar.
Ahmad Yassaviy, Yusuf Xos Xojib, Mahmud Qoshg'ariy, Ahmad Yugnakiy,
Alisher Navoiy singari ajdodlarimiz, bobolarimiz ijodiy merosining
katta qismi mana shu chuqur insoniy mavzuga qaratilgan. Katta
kishilar oldida odob saqlash, ularning gapi, o'giti,
pand-nasihatlarini quloqqa olib, amal qilishning ma'nosi sirtdan
qaragandagiga nisbatan juda keng va terndir. Chunki, yoshi ulug'
odamlarning zimmasiga o'zlaridan oldin o'tgan ota-bobolarning katta
ma'naviy zil yuki yuklatilgandir. Bu tabarruk inoniyat hayotining
bardavomligini, uzluksizligini ta'minlovchi "yuk"ni qabul qilib
olishning ham o'ziga yarasha odob-qoidasi bor. Kichikka shafqat ham
bejiz emas, ula rhozirgi zamonni ham, o'tmishni ham kelajak
avlodlar-la bog'lydilar. Ularga har qancha mehr, shafqat ozlik
qiladi bu ma'suliyatli vazifaning oldida!
Sizlarning o'zingizdan kichik bolalarga, ayniqsa qizchalarga
hamishalik e'tiboringiz, mehribonchiligingiz, beminnat ko'magimgiz
o'z eringizni, avlod-ajdodlarni nechog'li sevishingizni ham
bildiradi. Kattalr orasida ham-o'zingizdan kishiklar o'rtasida ham
ayrim nogiron, kasalmand kimsalar uchrashi mumkin. Ularga nisbatan
nihoyatda ehtiyatkorlik bilan muomalada bo'lmoq talab etiladi.
Munosabatingizning asosini izzat, saxovat, shafqat va mehr tashkil
etishi kerak.
Ayrim tengdoshlar o'zlaridan kichik va nogironlar uyoqda tursin,
kaltabinlik bilan kattalarni, hatto o'z ota-onalarini ham mensimay,
nazar-pisand qilmay qo'yadilar. O'zboshimchalik Yo'liga kiradilar.
Avvalo ularning o'qishlari susayib, yomonlashadi. Chekish, ichish
kabi yaramas odatlarni o'rganadilar. Bezorilik, kissavurlik,
nashavandlikqiladilar. Oqibatda kelajak istiqboli, yuksak insoniy
taqdir-a'moldan mahrum bo'ladilar. Ahloq tuzatish hibsxonalariga,
qamoqxonalarga tushadilar. Siz shunday tengdoshlaringizning
faoliyatinituzukroq tahlil qilib ko'radigan bo'lsangiz, engil-elpi
hayotdan hech qanday maqsad-muddaosi bo'lmagan bolalar unday
noma'quchiliklarga qo'l urishini bilib olasiz. O'z
xatti-harakatlaringiz, xulq-atvoringiz bilan ularga ta'sir o'tkaza
olsangiz, qalbingizda go'zal his-tuyg'ular yana baquvvat tomir
otadi, yanada ko'proq ijobiy fazilatlarga ega bo'lasiz.
Udumlarimizning mohiyatiga e'tibor beradigan bo'lsak, ularda hatto
qora narsalardan ham yorug'lik qidirish, ularni ham to'g'ri yo'lga
solish istagi yotganligiga guvoh bo'lasiz.
Kattaga hurmat, kichikka shafqat aqidasiga tobelik, mutelik
ruhiyati, tabiati, o'zidan kattaga, xususan hokim sinfga nisbatan
bo'yin tovlamaslik, qaramlik, qullik ifodasi, deya tanqidiy nazar
bilan qaraydiganlar ham uchraydi. Ayrimlar, hatto kattaning yuziga,
ko'ziga tik qaramaslik, hurmat-odob saqlashni xurofat deb bilab,
aksincha, yosh yigit-qiz qaddini g'oz tutishi, suhbatdoshining
ko'ziga tik qarashi, ko'ngliga o'tirishmagan pand-nasihat,
o'gitlarini keskin rad qilishi lozim, degan fikrdalar.
Bunday mulohazalar bir tomonlamadir. Insonning xatti-harakati,
gap-so'zi boshqa birovlarning diliga og'ir botmasligi kerak.
Boyg'ozilik qilib yurish bilan hech narsa o'zgarib qolmaydi,
aksincha, bu ba'zi birovlarga haqoratday tuyulib, ular hech qachon
Sizga o'z dillarini ochishmaydi. Haqoratning katta-kichigi
bo'lmaydi. Tarsaki bilan urasizmi, nojo'ya qilig'ingiz bilan
g'ashiga tegasizmi-baribir, bu haqorat, ko'ngil og'ritishdir.
Bu jihatdan qadim zamonlarda ko'pgina Sharq xalqlari tarixida
kattaga hurmat, kichik va ojizlarga shafqat qonuniyati har bir
kishining insoniy burchi sifatida qaralgan. Aks muomala esa
g'ayriaxloqiy tushuncha sanalgan.
Hurmat-izzat, e'zozlash, aziz tutish tuyg'usi nafaqat tirik
odamlarga, balki dunyodan o'tgan marhumlarga nisbatan, hatto
jon-jonivorlar, insonning rizqu nasibasi bo'lgan nonga,
ilm-ma'rifat, madaniyat ramzi oq qog'ozga, tiriklik va hayot manbai
suvga nisbatan ham keng qo'llanilgan.
Izzat-hurmat nafaqat inson zotining tirikligida, balki u hayotdan
ko'z yumganda ham saqlangan. Tirikligida odamlarga, jamiyatga,
ilm-ma'rifatga, madaniyatga katta foyda etkazgan shaxslar
vafotlaridan keyin ham chuqur hutmat-izzatga sazovor bo'lishgan.
Ularning qabrlari aziz deb bilingan. Maqbaralar ko'tarilib,
obodonlashtirilgan. Bot-bot ziyorat qilib turilgan. Chunki, u ham
qachonlardir er yuzida ter to'kkan, zahmat chekkan. Aytaylik, biror
daraxt ekkan, hovuz qazigan. O'z bola-chaqalari, yoru birodarlari,
qarindosh-urug'lariga g'amxo'rlik ko'rsatgan. Insonning er yuzida
yashab o'tgan umrinidan tashqari abadiyatga daxldor, hech qachon
o'lmaydigan yana bir umri ham borki, shu sababli u dafn etilishi
zamonoq unutilishga mahkum emas. Mayda, ojiz hasharotlarga,
jonivorlarga mehribonlik ham ulug fazilatdir. Aqalli bir mushukka
bo'lsang mehribon, Demak, salomatdir sendagi ibo, -deydi Xusrav
Dehlaviy. Ota-bobolar yerga tushgan non parchasi, uvog'ini ohista
olib, o'pib, yuz-ko'zlariga surtib, oyoq ostidan chekkaga, qushlar,
it-mushuklar eb ketadigan joylarga ko'tarib qo'yishgan. Qog'ozga
nisbatan ham shunday munosabatda bo'lib kelingan. Nonni, qog'ozni
erga tashlash, uni bosib o'tish gunoh hisoblangan. Obi hayot
hususida ham shuni aytishimiz mumkin. Kattadir-kichikdir suvga
peshob qilsa, ulug' gunoh sanalib, ko'zi ko'r bo'lib qoladi, deya
cho'chishgan. Qo'l, daryo, ariqlarning suvlari shu sababdan ham
toza, musaffo, shirin bo'lgan.
Izzat-hurmat odatida erkak kishining ayol zotiga munosabati alohida
o'rin tutadi. Qadimdan ota-bobolarimiz yer yuzidagi barcha
ezguliklar manbai, inson hayotining sarchashmasi bo'lgan ayol zotiga
hamisha hurmat saqlab kelganlar. Xotin-qizlar ro'zg'or tashvishlari,
kundalik turmush urunishlari uchun yugurib-elishdan xalos qilingan.
Nozik jins sifatida har qanday og'r yumushdan saqlangan. Buviyu
onaga, opa-singilga, amma-xolalarga zo'r hurmat bilan qaralgan. Ota-
bobolar, erkaklar, yosh yigitlar-u, o'smir, o'spirinlar ayol
zotining xizmatida kamarbasta bo'lishgan.
Ona-ku tabaruk zot sanalib, bosgan izlari ko'zga surtilgan. Butun
hayot davomida onani o'grintirmaslikka harakat qilingan. Onani
farzand tomonidan savatga solib, boshga ko'tarib, etti marta Makkayu
Madinaga olib borib, tavof qildirish, onaizorning farzand bshigi
ustida bedor o'tkazgan bir kuniga teng tutilmagan. Onalardan keyingi
opalarga hurmat-ehtiromni ayting. Amir Temur bobomiz Samarqandda
yashagan opalarini jahon ayvonining qaysi puchmog'ida lashkar tortib
yurishlariga qaramay, oy sayin yo'qlatib turganlar. Imkoni topildi
deguncha, sovg'a-salomlar bilan ziyorat qilishni kanda qilmaganlar.
Bobur Mirzo ham huddi shunday egachilari Xonzoda begimni yilning
qaysi fasli bo'lishi-yu, yog'in-sochindan qat'I nazar, haftada bir
bor ziyorat qilishni tark qilmaganlar…
Asrlar davomida shaxslararo izzat-hurmat milatlararo
diqqat-e'tiborga aylana bordi. O'zbek xalqimiz qo'n-qarindoshi -
qozoq, qirg'iz, tojik, turkman, qoraqalpoq, ozarbayjon xalqariga
nisbatan chuqur qo'shnichilik hurmat-izzatnisaqlab kelishdi.
Bir-birlari ta'lim-tarbiya fani, madaniyatini boyitishdi.
Insonning inson bo'lib etishuvchi uning yuragini qanday tuyg'ular
band etganiga qarab belgilanadi. Hurmat, shafqat his-tuyg'ulari,
ayniqsa, muborak sanlaib, hayotda kishiga juda ko'p yaxshiliklarni
baxshida etadi. Bizning yashashdan murodimiz, hayotdan maqsadimiz
ham shu-da!
Yuqoriga qaytish

Mehmon kutish
Mehmondorchilik, ya'ni, mehmon kutish va kuzatish
odati dunyodagi aksariyat xalqlarga xos xususiyatidir.
O'zbek
xalqi bu jo'mard odatni juda qadim zamonlardan ixtiyor qilgan.
Shuning uchun madaniyatimizning ko'hna manbalarida mehmondorchilik
insonning, oilaning, qabila va xalqning odamiylik, saxovat, madaniy
va ma'naviy aloqasi -muloqati mezona sifatida juda katta qadr bilan
tilga olingan. O'zbeklar, "Mehmonxonang tor bo'lsa ham mehru diling
keng bo'lsin", deyishadi.
Sharq xalqlari orasida mashhur bo'lgan Hotami Toy hikoyati Navoiy
bobomiz asarlari orqali hammaga tanish, albatta. Ularda mehmonga eng
so'nggi luqmasigacha saxiylik bilan tutqazgan, oila va qabila
sha'nini saqlab qolganajoyib inson haqida hikoya qilinadi. Xalqimiz
eski zamonlardayoq "mehmon-otangdan ulug'" degan naqlga ko'ra
eshikdan kelgan odamni hermat-ehtirom bilan kutib olib, izzatini
joyiga qo'yib, kuzatib qo'yishgan.
Mehmon, mezbon, mehmondarchilik odatining taomillari haqida gapirib,
turkman shoiri Maxtumquli bunday yozadi:
…Mard chiqar mehmonga kular yuz bilan
Nomard qochib qolar mehmon yo'liqsa…
yoki
…Moli ko'p deb mehmon bo'lma nomardga
Jo'mard faqir bo'lsa hamki bor aylar…
yohud
…Mard yigit mol topsa, himmati ortar,
Nomard foyda topsa, ko'nglin tor aylar…
kabi.
Turkiy xalqlar qadimdan mehmondorchilik odatiga qat'iy rioya
qilishgan. Mahmud Qoshg'ariyning XI asrning nodir namunasi bo'lgan
"Devoni lug'otit turk"asarida bu halqda quyidagi misralar yozilib
qoldirilgan:
Ko'rklik to'ning - o'zingga,
Totli g' oshing - o'zingga,
Qo'noqqa ko'rgiz izzat,
Yoysin sha'ning uzoqqa.
Barakali yoz kelganda
Qish ozig'in hozirla.
Chunki o'tar oy va zamon
Tun, kun o'tishi birla.
May idishi g'oz bo'lsin,
Tubi ko'z kabi to'lsin.
G'amni ko'maylik, o'lsin,
Tun-kun o'ynab-kulaylik.
Baxil mezbon mehmonini o'g'ri ko'rar,
Berganini minnat qilib yuzga urar.
Qo'ni-qo'shni, qarindosh,
Ko'rsin sendan yaxshilik.
Ne-ne sovg'a qilishga,
Yaxshirog'in qil ortiq.
Kelsa kishi chehrasiga kul sochmag'il,
Izzat bilan kutib uni, yaxshilik qil.
Kelsa birov yo'qlashib,
Bergil yaxshi oziq-non,
Qarg'ab ketar mehmonlar,
Kutar bo'lsang gar yomon.
Mehmon kelsa, o'tqazgil,
Hordiq olib, tinch bo'lsin,
Oti ham yorug'likda,
Arpa-somonga to'ysin.
Mol yig'ishni sel kelish deb hisobla,
Mol egasin tosh kabi yumalatar…
Qadimiy odatlarimizdan bo'lga mehmondorchilikning ko'pgina o'ziga
xos xususiyatlari bor. Men ularning barchasi haqida hammaga ma'lum
gaplarni takrorlamadim. Avvalo, qadimdan Sharqda maxsus
musofirxonalar , karvonsaroylar mavjud bo'lgan. Bu joylarda o'zga
mamlakat va shaharlardan kelgan sayyohlar, savdo va tijorat ahllari,
elchiyu choparlar vaqtinchalik boshpana topishgan.
O'ziga to'q, to'kin turmush kechirishgan ota-bobolarimiz o'z
hovlilaridan tashqarida, bir-biridan ancha olislikdagi qishloqlarni
tutashtirib turuvchi yo'l bo'ylarida rabotlar qurishgan. Bu
rabotlardagi hovuz bo'ylariga tollar ekishgan. Otda, eshakda yoinki
yayov yo'lga chiqqanlar ana shu rabotlarda nafaslarini rastlab,
hordiq chiqarishib, yana o'z yo'larida davon etganlar.
Umar Xayyom yorug' dunyoni kirib-chiqiladigan rabotga qiyoslab,
bunda har kuni boshqa-boshqa qavmlar qo'nim topadi deydi:
"Dunyo yak rabotu du dar ast,
Dar in rabot har ko'z qavmi digar ast".
Dashtlarda, yo'l bo'ylarida bunday qo'nalg'alarning qoldiqlari
saqlanib qolganligiga ko'zingiz tushgandir. Ularni o'z holiga
qaytarib, obod maskanga aylantirsak, ota-bobolarimizning ruhlari
shod bo'ladi.
Eng muhimi, bulardan tashqari, o'zbek xalqining o'ziga to'q
xonadonlarida, deyarli har bir hovlida maxsus mehmonxonalar bo'lgan.
Ko'proq bunday mehmonxonalar ichkari-tashqari hovlining
tashqarisida, ko'chadankirazerishda joylashgan ko'ndalang uydan
iborat bo'lgan. Bunday uylar kamida 9, bo'lmasa 11 bolorli, keng va
katta xonalardan iborat bo'lgan. Mehmonxona maxsus jihozlangan
bo'lib, unda mehmonlar uchun barcha sharoitlar taxt qilib qo'yilgan.
Mehmon kelganda, u oila, bola-chaqasi bilan, otda-eshakda bo'lishi
mumkin, oilaning barcha a'zolari "mehmon otangdan ulug'" deb xush
tavoze, ko'ngli ochiqlik bilan kutib olishgan. Oqshom esa
qishloqning o'ziga etar kishilari mehmon sharafiga bu xonodonga
taklif etilgan. Mehmondorchilik anjumanida yaqin-atrofning ulamoyu
fuzalolari, baxshiyu shoirlari albatta taklif qilingan. Bu oqshom
mehmon kutish bahonasida dunyo voqealaridan, siyosatidan,
savdo-sotiq, adabiyot-san'atdan hammani qiziqtirgan odob doirasidagi
bahsu gurunglar oli borilgan.
Baxshi shoirlardan se'ru dostonlar tinglangan.
Jangnoma kitoblar, roviylar ibratli rivoyatu hikoyatlar o'qiganlar.
Hunarmandchilik, dehqonchilik, bog'bonlik sir-asrorlari, yangi
mavsumga tayyorgarlik maslahatlari haqida gap borgan. Bunday
anjumanlarda bolalar va o'smirlar ham faol ishtirok etishgan.
Ular quiyda, ayvon sahnida, tancha tegrasida, to'kin dasturxon
atrofida qaldig'ochlarday tizilishib, o'z suhbatlarini qizitishgan.
Ayni paytda, kattalarga xizmat qilishib, choy tashib, kovush
to'g'rilab, tanchaga o't solib , oziq-ovqat, idish-tavoq tashib,
yarim quloq bilan kattalar majlislarini ham tinglashgan. Shu yosin
bu qadimiy odatimiz bevosita avloddan avlodga meros sifatida o'tib
kelgan.
Biz o'zbeklarda, umuman, musulmonchilikda mehmon hatto g'arazli
maqsadda, yurtga, qabila yo oilaga yomon niyat , dushmanlik maqsadi
bilan kelgan bo'lsa ham mezbon buni sezsa, yaxshi bilsa-da,
mehmondorchilik odatiga shak keltirilmagan. Albatta, mehmon
sharafiga, uning qutlug' poyi-qadamiga atab jonliq-qo'y so'yilgan,
to'kin dasturxon bezatilgan. Chunki bu nafaqat o'sha oila, balki
qabila , qishloq, millatning sha'ni sanalgan."Mehmon oz o'tirar,
ko'p ko'rar", deb uy-xonadonni tartiblashtirib, toza, farishtali
qilib qo'yilgan.
O'zbek dasturxoniday jannatiy noz-ne'matlar qaerda bor deysiz? Nonu
choy, nisholdayu murabbo, asalu qand-qurs, mayizu yong'oq, danagu
no'xot, hamili nok, xurmo, olma-uzum, qovunu tarvuz, ovqatlardan
mohorayu kobuliy sho'rva, norinu shilpildoq, qaziyu qatra,
chuchvarayu manti, kabobu palov…
O'zbek dasturxonida mehmondorchilik eng obro'li milliy taom-palov
iste'moli bilan xotimalanadi. Ana shudan keyin dasturxon haqiga
fotiha o'qilib, izzatli mehmon bilan xayrlashuv oldidan, unga
chopon, belbog', do'ppi kiygiziladi.
Xalqimizda shunday bir mutoyiba yuradi. Emishki, bir yosh,
tajribasiz oila boshlig'inikiga favqulodda mehmon kelib qolibdi.
Mezbon suyunganidan mehmonga tuya so'yib, shilpildoq qilibdi,ot
so'yib qazi-qatra ediribdi, ho'kizu qo'y so'yib, kabobga
to'ydiribdi. Qobuliy sho'rvayu manti bilan siylabdi. Mehmon
buyurganini eb yotaveribdi. Oradan uch kun, besh kun, bir hafta
o'tibdi hamki, mehmon ketishga shoshilmas emish. Yigit endi qolgan
bir-ikkita qo'y echkisini ham mehmon hurmatiga so'yib ediribdi,
shunda ham mehmon siljiy demasmish. Yigitnin gtirikchiligi,
mo'ljallagan ishlario'lja-jo'lda qolyapti. Mehmonni tashlab
ketolmaydi.
Aqliga ish buyurib,"borib, oqsoqol bilan maslahatlashay-chi", deb,
qishloqning ko'pni ko'rgan, kayvonisi, donishmand nuroniy huzuriga
ravona bo'libdi. Donishmandga bo'lgan voqeani, o'z tashvishini
tushuntiribdi. Oqsoqol uni tinglab bo'lgach"-Osh qildingmi?-deb
so'rabdi.
- Hamma ovqatdan qilib edirdim, -javob beribdi yigit.
- Palov damladingmi, deyapman,- tag'in aniqlashtiribdi chol.
- Yo'q palov damlamabman,-debdi pushaymon bo'lin yigit.
- Bugun borib palov damla,- buyuribdi chol.
Mezbon chopqillab borib, yolg'iz xo'rozini so'yib, palov damlab
edirgach, mehmon fotihaga qo'l ochib:"Endi menga ruxsat berasiz,
ancha ushlanib qoldim", degan ekan o'rnidan qo'zg'alib.
Men sizgalarga yan abir misol keltiray. Shoh va shoir bobomiz
Zahiriddin Muhammad Bobur Shayboniyxonga Samarqandni topshirib ,
sarson-sargardon yurgan kezlaritemuriylar sulolasining qudratli
sultoni Husayn Boyqaroni qora tortib Hirotga boradi. Sultonning bosh
farzandi Badiuzzamon qarindoshiBobur sharafiga katta ziyofat beradi.
Izdihomda Bobur izzatli mehmon sifatida qatnasharkan, unga chog'ir
(may, ichimlik) tutadilar. Zahiriddin shu yoshgacha og'ziga may
olmaganini aytib, uzr so'raydi. Oradan bir oz vaqt o'tib,
Badiuzzamon Bobur olidida hamon buzulmay turgan taom-ulkan g'ozga
ishora qilib, nega tanovvul qilmayapsiz, deya ovqatga undaydi. Bobur
mirza g'oz buzishni bilmasligini aytib , kishi bilmas uzr so'raydi.
Badiuzzamon sharaqlab kulib, Bobur oldidagi g'ozni bo'laklab beradi…
Ko'rdingizmi, Bobur Mirzoday maxsus tarbiya ko'rgan bobolarimiz ham
mehmondorchilik urf-odatlariga qattiq rioya qilib, odob saqlaganlar.
Chunki ovqatning o'z odobi bo'ladi. Bu bizlarga ota merosdir.
Ota-bobolarimiz mehmondorchilikda o'zini tutish, qanday qoidalarga
rioya qilish haqida maxsus risolalar yozganlar. Ularni mukammal
o'rganib, arab, fors, eski turk tillaridan hozirgi zamon tiliga
o'girib, bizning zamonamizga, keyingi avlodlarga etkazib bergan
madaniyatshunos olim Shorasul Zunnun ko'p yillar bu sohada barakali
qalam tebratgan. U kishidan davr o'tgan bo'lsa-da, ular qoldirgan:
"Oz-oz o'rganib dona bo'lur", "Donishmandlar tarbiya xususida",
"Donolar bisotidan" kitoblari bizning qimmatli boyligimizdir.
Shorasul Zunnundan qolgan bir qator pand-nasihatlar xuddi shu biz
bahs yuritayotgan mehmondorchilik odati to'g'risidadir.
Majlis odobi. Majlisga yig'ilgan odamlar huzurida odobli
bo'lib, o'zingizga loyiq bo'lgan o'rinlarda o'tiring. O'tirgan
vaqtingizda bir tarafga qarab og'ishmang. Majlisda biror odam
gapirayotgan bo'lsa, uning so'zini yaxshi tinglang. Sababsiz
kulmang. Izdihomda aytish mumkin bo'lmagan so'zlarni so'zlamang.
Ulfatda bo'lganlarning hurmatlarini bajo keltiring.
Majlisda takabburlik qilgan, o'zini maqtagan kishini xalq sevmaydi.
Shuning uchun mehmondorchilikda o'zingizni yuqori ko'rsatib,
kekkayib o'tirmang.
Yuz va ko'z odobi. Yuz ko'ngilning yumshoq yoki qattiq
bo'lganini ko'rsatuvchi ko'zgudir. Shuning uchun har vaqt yuz
odobiga e'tibor bering. Sozlashgan vaqtingizda yuzingizni chetga
burmang. Ko'z qiri bilan qaramang, qayg'u-hasratli kishiga kulub
qaramang, shod ko'ngilli kishining yuziga esa qovog'ingizni solib
boqmang. O'rtoqlaringiz bilan o'tirganingizda ular bilan ochiq yuzda
muomila qiling. Ularning kayfiyatlarini buzadigan darajada
so'rrayib, xo'mrayib o'tirmang. Ko'z odobida har narsani qanoat
ko'zi bilan ko'ring, hech kimga hasad qilmang. Hech kimga qattiq,
bepisand, behurmat tikilmang.
Taom yeyish odobi. Ovqat eyish oldidan albatta qo'lingizni
yuving va yazshilab arting. Yoshi sizdan katta kishilar bo'lsa,
ulardan yuqoriga chiqib o'tirmang. Ovqatlanayotgan vaqtingizda
odobga rioya qilib o'tiring. Ochko'zlik qilib, ko'p eyishga
odatlanmang. Ko'p ovqat eyishga odatlanmang. Ko'p ovqat eyish
salomatlikka zararli ekanligini yaxshi bilasiz. Yaxshi pishmagan
emishlarni emang, yoz kunlarida yog'li ovqatlar eyishdan saqlaning.
Vaqti-vaqti bilan ovqatlanishga odatlaning, ovqatga maylingiz
bo'lmasa, o'zingizni zo'rlab ovqatlanmang. Ovqatlanganingizdan keyin
olma, anor, uzum kabi mevalar va turli sabzavotlarni iste'mol
qiling.
Biror joyga ziyofatga chaqirilsangiz, belgilangan vaqtda boring.
Ziyofatga chaqirilgan kishiga salom erib, shodlik va muloyimlik
bilan ko'rishing. Mumkin qadar o'zingizga munosib bo'lgan kishilar
yoniga o'tiring. Otirish va taom eyish odatlariga rioya qiling.Sizga
keltirilgan taom moboda yoqmasa, u taomni sevmaganingizni
bildirmang. Qo'yilgan ovqatlarning yazshi ovqat emasligidan so'z
ochmang. Garchi sevmagan taomingiz bo'lsa ham oz-ozdan dasturxon va
mezbon hurmati uchun totinib turing.
Ziyofat tamom bo'lgandan so'ng mezbonga rahmat aytib,
minnatdorchiligingizni bildirganingizdan keyin xayrlashib jo'ning.
Ziyofatga borganingizda avvalgi kishining ziyofatida qo'yilgan
taomlarning ozligi yo bemazaligidan aslo og'iz ochmang.
Chaqirilmagan yerga bormang.
Xalqda: "Aytmadi deb aytma, aytgan joydan qaytma", degan naql bor.
Siz albatta ushbu taomilga rioya qiling.
Yuqoriga qaytish

Sovchilik
Vatan ostanadan, hovli bo'sag'adan, oila
sovchilikdan boshlanadi.
Sovchi
ikki xonadonga qarindoshlik iplarini bog'lashga da'vat etilgan
kishidir. Sovchi kamida ikki, yo'qsa uch-to'rt kishidan iborat
bo'lib, ikki jinsdagi erkak va ayol sovchilar ham bor. Har ikki to'p
alohida, mustaqil harakat qiladi.
Odatda sovchilar kayvoni, el orasida obro'-e'tiborli, tagli-tugli,
oqilu fozil kishilardan tanlanadi. Chunki ularning vazifasi og'ir,
mas'uliyatli. Sovchining gap-so'zi mantiqli, ishonarli, tosh
bosadigan, zalvorli bo'lmog'i lozim.
Sovchilar yigitning oilasi nomidan qiznikiga, bo'lajak kelinnikiga
elchilik qilib, uning qo'lini so'rab borishadi. Umr savdosining
pishish-pishmasligi, avvalo, kuyov bo'lmishning o'zi, ota-onasi,
qarindosh-urug'i, qolaversa, sovchilarning mahoratiyu tajribasiga,
quda bo'lmishlar ko'ngil qulfiga kalit sola olishiga ko'p jihatdan
bog'liq. Ayni paytda o'z vazifalarining butun mas'uliyatini bo'yniga
olgan bunday kishilar, har ikki oilani, ularning farzandlarini
yaxshi bilganlar. Bilishmasa so'rab-surishtirishgan. Muayyan
tasavvur qilishgach, undan so'ng vazifalariga kirishganlar.
Bo'lmasa, birovning guldek farzandi umriga zomin bo'lib, bir tomonni
o'tday kuydirib, bir umr o'zgalar domongirligida yashashni katta
gunoh deb bilishgan.
Sovchilar "qizi borning nozi bor" degan naqlga amal qilib, vaqt
o'tkazib, kelin bo'lmishnikiga uch-to'rt marta boradilar. Odatda
sovchilikdan qaytgan mutasaddilarni "bo'rimi yo tulki" deb qarshi
olinadi. Agar ular ishni o'rinlatib, xushxabar bilan qaytishsa,
sovchilar "bo'ri" deb javob berishadi. Bu gal ish pishmagan bo'lsa,
"tulki" deyishadi.
Ayol sovchilar ham qizning "ostonasini cho'ktiradilar". Yigit bilan
qiznikiga bo'zchining mokisidek qatnayverib, kovushlarini
to'zitadilar. Ayol va erkak sovchilarning maqsadlari ro'yobga
chiqqach, o'sha zahotiyoq non sindiriladi. Ya'ni "non sindirish"
fotiha bilan sovchilik taomili o'z vazifasini o'tab bo'ladi.
Holva - ko'pincha, go'daklikdan qiz bolaga nisbatan brriladi. Vaqt
o'tib unga sovchi kelishi, fotiha o'qilishi, holvayu patir
ushatilishi ko'zda tutilib, shunday deyiladi.
Ilgari zamonlarda sovchilar to'ppadan-to'g'ri, dabdurustdan kirib
borishni odat qilmaganlar. Ayol sovchilardan biri to tong
sahardayoq, hali hamma uyqyda ekanligida qiznikiga borib, uning
ostanasi ostini supurib qaytganlar. Ertalab turib bunga ko'zi
tushgan ota-onalar nima voqea ekanligini anglashgan, o'zlarini
bilmaganlikka solib, zimdan tayyorgarlik ko'ra boshlangan. So'rab
kelishi ehtimoli bo'lgan xonadonlarninig ahvol-ruhiyasi bilan ham
kishi bilmas tanishib olganlar. Shundan so'ng sovchilarning
kelishini kuta boshlashgan. Sovchilarning birinchi elchiliklaridayoq
hech kim rozilik berib qo'yavermagan, garchand, ko'ngillarida
moyillik bo'lsada, qizlarining, qolaversa, o'zlarining
qadr-qimmatlarini, sha'nlarini yuqori ko'tarishga uringanlar.
Hozirgi davrda sovchilarning ishi ancha yengillashgan. Avvalo
yoshlarning o'zlari tanishib, ota-onalarini ko'ndirib, ishni
pishitib qo'yadilar. Ikkinchidan, sovchilarning tanishuv, sinov,
o'rganuv vaziflarini o'znikilar, ota-onalar, amma-xola, opa-yangalar
o'z zimmalariga olganlar. Ular kelinning , kelin yaqinlari esa
kuyovning aslini, avlodu zuryodini, tag-tugini surishtirib o'rganib
chiqadilar. Buning uchun mahalla, qo'ni-qo'shni ahlining
fikri-maslahati yo o'qish, yo ish joyidagi bu yoshga berilgan baho
katta ahamiyat kasb etadi.
Bulardan tashqari, yoshlar uchun maxsus uyushtirilgan "uchrashuvlar"
ham katta o'rin tutadi. Qiz-yigit bunday uchrashuvlarda
tanishisharkan, bir-birlarining fe'l-atvori, qiziqishlari,
saviyalaridan yuzaki bo'lsa-da xabardor bo'ladilar. Shunga qarab,
turmushga chiqish yoki uylanishga rozilik beradilar, yo bermaydilar.
Hozirgi kunda yoshlar bir-birlarining ichki dunyosidan
tashqaritashqi qiyofalariga ham katta e'tibor beradigan bo'lganlar.
Ayniqsa yigitning bo'yi juda muhim ro'l o'ynaydi. Qizlar
uchrashuvdan qaytgan dugonalaridan darhol: "Bo'yi qanaqa ekan?"
degan savol bilan murojaat qilishadi.
Sovchilik odati to'g'risida yana ko'p gaplar aytish mumkin. Ayniqsa,
qadimgi sovchilarxuddi davlat ahamiyatiga ega bo'lgan vazifani
bajargan elchiday maxsus sovchilik maktabidan o'tib, shunga mos
iboralar, maqol va matallar, so'z o'yinlari, hozirjavoblik, sir va
sukut saqlash, shirinzabonlik, shoirona ruhi, olimona mantiq egasi
bo'lib, oila madaniyatining etuk arboblari darajasiga ko'tarilgan.
Darvoqe, o'z farzandining taqdiriga beparvo bo'lmagan ota-onalar ham
ko'pincha sovchilarning o'zini tutishi, dunyoqarashi, gap-so'zlariga
qarab, yigitning qanday odamligini ham ma'lum darajada tasavvur
etishgan.Uchragan odamni sovchilikka yuborish yaxshimas : bu
yigitning o'z qadrini bilmasligigina emas, qiz qadrini erga urishi
hamdir. Oila qurishda eng avvalo yigit-qiz mas'ul bo'lsa, keyin
sovchilardir. Shuning uchun ba'zi bir mahalda, birdan fikrlari
o'zgarib, o'zlarinini elchilikka yuborgan yigitga, yigit tomonga" bu
qizing ularga to'g'ri kelmasligini" tushuntirib, fikrlaridan
qaytarmoqchi bo'ladilar. Ularning xarakterlarini bir-biriga
chog'ishtirib bo'ladilar. Ularning fikri inobatga olinmasa,
mas'uliyatni bo'yinlaridan soqit qilib, ish pishiradilar.
O'ylashimcha, bizning Sharq mamlakatlarida xalqlar yashab, oila
qurib, farzandlar tarbiyalab yangi avlodlarni qovushtirib, nikoh
to'ylari o'tkazisharkan, qadimiy sovchilk odati ham saqlanib qolishi
kerak. Chunki yangi oila sovchilikdan boshlanadi.
Yuqoriga qaytish

To'y
Siz karnay-surnaylar ovozi, nog'araning
taka-tumini uzoqdan eshitgan
zahotingizoq
to'y bo'lyapti, deb yugurasiz. Ha, to'yning belgisi,
xabarchisi-karnay-surnay, nog'aralar va Siz. To'y o'z nomi bilan
-yaqin do'st-yor, qarindosh-urug' diydoriga, shirin taomlarga,
yaxshi kuy va qo'shiqqa, kurashu ko'pkari tomoshasiga, bayram
shodiyonalariga, kulgi va quvonchga to'yishdir.
Bizning o'zbek xalqi O'rta Osiyo mintaqasidagi boshqa qardosh
xalqlar singari juda qadim zamonlardan buyon to'y qilib, elga osh
berib klegan. To'ylar, odatda, kichik bayramlardek o'tkazilgan.
To'yning ham turlari juda ko'p. beshik to'yi, xatna-sunnat
to'yi,nikoh to'yi,payg'ambar to'yi, hovli to'yi, yosh sanalari bilan
bo'g'liq bo'lgan to'ylar va hokazolar.
To'ylar ko'pincha qadimda qish faslida o'tkazilgan. Chunki bu faslda
dehqon va kosibning qo'li ko'proq bo'sh bo'lgan. To'y-bu
ko'pchilikto'planib nishonlaydigan ommaviy marosim. Qadimda
to'ylarda ota-bobolarimiz birato'lasi kurash, ko'pkari, askiya,
masxarabozlik, dor o'yinlari, boshqa turli tomoshalar ko'riklarini
o'tkazishgan. Xalq orasidan pahlavonlar, san'at ishqibozlari,
dovyurak, epchil chavandozlar tabiiy tanlanib, ajratib olingan.
Beshik to'yda yangi bo'shangan, beshikda bolasini emizib turgan
onaga non tishlatib, bu non bolalarga olib qochdirilgan. Beshik
narisiga, ayvongashirinliklar, tuli meva qoqilari sochilib,
bolalarga talashib-tortishib tanovul qildirilgan. Bu bilan yangi
tug'ilgan bolaning umri shirin, mo'l bo'lib, uzoq yillar hayotda
sochilgan rizq-qo'zini yig'ib-terib eb yursin, degan ma'no
anglashilgan. Beshik to'yida bolani chillasi chiqib, uni beshikka
belash marosimida ikki turmush ko'rgan, ajralgan xotinlar irim qilib
qo'yilmagan. Beshikka muqaddas hisoblangan daraxt tug'dona shoxi
kesib olib, osib qo'yilgan. Bolaning beshik yostig'I ostiga pichoq,
non parchasi qo'yilgan. Isiriq tutatilib, tumor osilgan.
Beshik to'yi bolar uchun juda-juda quvonchli bayramdir. Chunki, ular
o'z saflariga no'malum bir bolaning kelib qo'shilayotganidan
shodlanadilar. Umuman olganda, bolalik olami juda ham go'zaldir. U
har bir kichik narsadan xursand bo'ladi. Buyuk oqin Abay behuda mana
bunday demagan:
Go'dak uchun beshigi-kattakon olam,
Onasining oq ko'ksi-jonajon olam:
Keng sahro ham tor kelar ulg'ayganida,
O'toviday ko'rinar bepoyon olam.
Nikoh to'yida esa bo'y etgan qi-yigitning turmush qurishi bilan
bog'liq bo'lgan qadimiy, an'anaviy odat-marosimlar amalga
oshirilgan. Kuyov bo'lmish yigitga qo'yiladigan shartlarni Siz sevib
o'qigan ertaklaringiz, baxshi bobolaringiz to'qigan dostonlardan
yaxshi bilasiz. Oddiy xalqda kuyov bolaga o'tin yerdirib, er
choptirib, chavandozligini, kurash tushishini, kamondozligini,
kosib-ustaligini sinab, imyihon qilib ko'rishgan.
Qadim ajdodlarimizda o'zaro kelishilgan holda bo'lajak kelinni olib
qochish rasm bo'lgan. "O'g'irlar " kalingan qizni yigit nikohlab
olishi uchun muayyan qonun-qoidalar asosida to'y tadorigini
ko'rishgan. Shu munosabar bilan nikohdan oldingi va keyingi
marosimlar amalga oshirilgan. Turkiy xalqlarda hamma ma'noda qizning
bahosi baland bo'lgan. Shuning uchun kuyov tomon kelin tomonga
albatta qalin to'lagan. Bu to'lov pul, oltin-kumush, qo'y-mol, gilam
va kigiz shakllarida bo'lgan.
Kelinni tushirib olish marosimi, ayniqsa, qiziqarlidir. Qadimiy
ajdodlarimiz o't-olovga sig'inishgani tufayli, otda, tog'a
etaklovida kelgan kelinni (hozir engil moshinalarda) kuyov bola
otdan tushirib, darvozaoldida yoqib qo'yilgankatta gulxan
atrofidanuch bora aylantirib, so'ng chimildiqqacha ko'tarib olib
kirgan. Bu bilan ajdodlarimiz yangi oilani olov taftida har xil
ins-jinslardan, yomon ko'zlardan tozalagan. Ikkinchidan, er kishi
o'z jufti haloli, turmush hamrohi bo'lgan ayolnihamisha
izzat-hurmatda, qo'lda ko'tarib yurishini ramziy ravishda ifoda
qilgan.
Xorazmda qadimdan xonadonga kelin bo'lib tushgan yangi oila a'zosi
bir yil davomida o'z qaynonasi bilan og'iz ochib gaplashmaydi.
O'g'il o'stirganning xizmatini qiladi, topshiriqlarini bajaradi,
buyruqlarini quloq qoqmay ado etadi, ammo churq etib, og'iz
ochmaydi. Bu arazlagani, iddaosidan emas, odob-andishasidan,
istihola qilganidan shunday muomalada bo'ladi. Kelin birinchi
farzandini tug'ib, uni beshikka belaganidan keyin qaynona-oyisi
bilan gaplashish huquqiga ega bo'ladi.
Qaynota-kelin munosabatlari yana-da murakkabroq. Kelin nech yil
davomida tug'ilishidan qat'I nazar, to'rt farzand ko'rguniga qadar
o'z qaynotasi bilan gaplashmaydi. Qaynota otaning topshiriqlarini
bajaradi, yumushiyu xizmatini qovoq-tumshuq qilmay o'rniga qo'yadi.
Faqat bu ijronigungu saqovdek, hatto ovozi va shovrini ham
chiqmasdab bajaradi. Bu ham odob, andisha, istihola
tushunchalarining eng oliy namunalaridir.
Albatta, kelin-kuyov to'y kunlari maxsus kiyim-boshlar kiyishgan. Bu
kiyimlar yurtimizning qaysi vohasiga qarab, bir-biridan farq qilgan.
Masalan, Samarqand, Buxoroniki bir toifa bo'lsa, Surxon va Qashqa
vohasiniki ikkinchi toifa, Farg'onaniki o'zi bo'lak bo'lsa,
xorazmlik kelin-kuyovning kiyim-boshi tamoman o'zgacha bo'lgan. Bu
tashqi belgilar ham xalqimiz madaniyatining juda boy va qadimligidan
dalolat beradi.
Nikoh to'yigacha quda tomonlar o'rtasida maslahat oshi berilib,
so'ng unashtirish marosimi o'tkazilgan. Xalq orasida bu odat "non
sindirish" deb ham ataladi. Fotiha to'yidan keyin kelintushgan
xonadonga hayit, bayram kunlari hayitliklar jo'natilgan. Kelin
tushishining o'zi katta bir marosim bo'lib, quda tomonlar azaldan
amal qilib kelinayotgan taomilga qilishgan. To'y kunidagi to'y
jo'natish, tortishmachoq-kelin oyog'iostiga tashlangan poyandoz
talashish marosimlarining o'zi bir to'ydir.
Chimildiq (go'shanga) ga kirish bilan bog'liq odatlarning o'zi bir
jahon. Kelin-kuyovning ustidan sochqi sochish, kelin bola va
yangalar bilan kuyov to'ra va uning jo'ralario'rtasidagi aytishuv,
"belbog' echdi", "kelin ko'tardi", "oyoq bosdi"odatlari shular
jumlasidandir.
Nikoh to'yidan keyin bo'ladigan marosimlar ham xalqimiz jo'mard
tabiat, qo'li ochiqlik odati, to'kin-sochin, erkin hayoti mazmunidan
kelib chiqqan. Bular kelinning yuzini ochish,, kelin salomi, kuyov
tomon va mahalla xotin-qizlarning kelin ko'rdisi va
so'nggisi-yoyilgan sepni yig'ishdir. Bu marosimni xalq orasida"joy
yig'di"ham deyishadi. "Joy yig'di" da kutilgannatijani bermaganayrim
kelinlar ertasi qo'tir eshakkka teskari o'tqazilib, yo'l-yo'lakay
masxaralab kulib, sazoyi qilinib, hazar bilanota-onasinikiga eltib
tashlangan. Bu isnod qolgan barcha oilalarga qizlari, bo'lajak
kelinlari uchun katta saboq rolini o'tagan.
Hovli to'yida qishloqdoshlarning, qarindosh-urug'larning katta
hashari bilan qurilgan yangi imoratga ko'chib kirilgach, xudoyidan
keyin maxsus to'y qilingan. Bu to'y ham ko'proq kuz yo qishda
o'tkazilgan. Hovli to'y munosabati bilan yanada shinam, ko'rkam,
orasta, xonakilashgan. Hovli to'yidan keyingina yangi imorat
o'zlashtirilgan, unda yashashga o'rganilgan, kirishilgan. Bu to'y
ham nikoh to'yidek oila uchun eng baxtiyor, tantanavor marosimdir.
Boshpana, imorat hovlilik yosh oila endi oyoqqa turib olgan.
Barqaror, qabila, qishloq, elatning kori xayriga yaraydigan
mustahkam qo'rg'on sanalgan. To'ylarning har qishloqda
katta-kichikni yaxshi taniydigan kayvonisi, qo'li engil
sartarosh-ustasi, qo'li shirin oshpazi, epchil
dasturxonchisibo'lganidek, alohida aytimchi-jarchisi ham albatta
bo'lgan. Bu aytimchi-jarchilar zamoniga, joyiga, qishloqlar
xududining katta-kichikligiga qarab, piyoda, otda, eshakda,
velosiped, motosikl ya mashinada o'qti-o'qtin to'xtab, jar
solganlar.
Ayrim mo'ysafidlar, nogironlar, qulog'i og'r keksalar, diniy arbob,
hurmatli kishilar qishloq oqsoqoli tomonidan maxsus kishi yuborib,
to'yga chorlaganlar.
Sho'ro zamoni davrida, to'y marosimining mazmuni ham
shakli-shamoyili ham ancha o'zgardi. To'griilgarigi zamonlarda ham
o'zbekning to'yida qozoqning polvoni, qirg'izning o'lanchisi,
tojikning ustasi, turkmanning shavandozi, albatta, izzatli mahmon
sifatidafaoln ishtirokn etgan. Tabiiyki, o'zbek to'yida bu xalqlar
lafzi shevasi ham jaranglab turgan. Biroq yangi truzumga kelib, bu
qirralar yanada kuchaydi. To'ylar ham baynalmilallikning eng yorqin
misoli-namunasiga aylandi. Bu marosim osiyocha-ovro'pacha
omuxtalashdi. Xalqimizning odat va marosimlari bir-birlariga
qo'shilib, chatishib, omuxtalashib ketdi. Bundan yangi shakl va
mazmun hosil bo'ldi. Demak, to'y marosimlari yangi qiyofaga kirdi.
Hovli to'yi, yosh va tavalludning ma'lum pog'onalari bilanbog'liq
bo'lgan nishonlash ommaviy marosimlari paydo bo'ldi. Bular kumush
to'y-turmushning birgalikda kechgan 25 yili, oltin to'y-50 yili,
brilliant to'y-75 yili kabi turlaridir. Ota-ona,
bobo-buvilaringizning turli yubiley kunlari 50, 60, 70, hatto 100
yillik to'ylarini ko'pchilik bilan nishonlash odat tusiga kirib
qoldi.
To'yning xokisor, bejirim o'tkazilishi ham to'y egasining ma'naviy
qiyofasi yuksakligini ko'rsatadi. Poraxo'r-xoromxo'r kimsalar to'y
bahonasida o'zlarining kimliklarini, kuchu-quvvatlarini ko'rsatib
qo'ymoqchi bo'ladilarki, bu ma'naviy tubanlikdir. Ko'pchilikning
holatiga qarab, o'shalardan kam ham emas, ko'p ham emas-o'rtamiyona
to'ylar o'tkazish zarur.
Yuqoriga qaytish

To'yona
To'y marosimi haqida gapirdik. O'zbek xalqi
qadimdan to'yga to'yona bilan borgan. To'yona-to'yga, to'y egasiga
sovg'a-salom bilan borish degani. Ba'zi viloyatlarimixda bu odatni
to'yona emas, qo'shanch deb ham yuritiladi. To'y bo'layotgan
xonadonga qarindosh-urg'lar, do'st-birodorlar yakka-yakka, ba'zan
guruh-guruh, jamoa bo'lib, ishxona xizmatdoshlar vakillari bir
bo'lib, turli sovg'a-salom qilishlari mukin.
To'yona qilish qadim zamonlarda tuya, xo'kiz, sigir qo'y keltirish
misolida bo'lgan. Uning miqdori ham to'y egasining va to'yonachining
ijtimoiymoddiy imkoniyatlari, iqtisodiy-ijtimoiy mavqei, darajasiga
va albatta, zamoniga qarab bo'lgan. To'yona nafaqat, o'zbeklarga,
balki barcha turkiy xalqlarga, yondosh-jondosh tojik, qozoq,qirg'iz
xalqlari ruhiyatiga ham xos bo'lganqadimiy odatlardan biridir. Biz
atrofimizda yashab kelayotgan qrim tatrlari, turklar, koreyslar ham
bu odatni o'z an'analari qilib olganliklarini yaxshi bilamiz.
Nega to'yona berish odat bo'lib qolgan? Sababi to'y qilgan odam, xoh
u farzandining qo'lini halollasin, xoh qiz yo o'g'liga nikoh
o'qittirsin, katta to'y qilib, uning harajatlari tufayli
moddiy-iqtisodiy tomondan ancha "abgorlashib" qoladi. Ya'ni, uelga
osh berib, dasturxon yozib, bir necha ming so'm pul, mablag' sarf
qiladi. Qilmasin, biz uning xarajati kafilini olibmizmi, deyishi
mumkin ayrimlar. Biroq o'zbek millatiga mansub,umumanmusulmon odam
bunday demaydi, deyolmaydi. Ayniqsa, yaqin kishilarining bunga joni
achimaydi?! Shundan xalqimizda, "o'g'ling qo'lini halollaganga etti
yil tegma", degannaql qolgan. "Qiz chiqarganga qirq yil tegma",
deyishadi. Bu bilan, bu oilalar bor-bud yiqqan-terganini sarflab,
katta qarzdor bo'lib qoladi, endi ularga xarajat to'g'risida umuman
gap qilma, degan ma'no beriladi. Xuddi shu o'zbekchilikda ertaga
o'zingizning boshingizga ham tushadi.
Shuning uchun ham ertangi kunni engillashtirish uchun, yana bir
jihati shu yaxshi kunlar, shirin tashvishlarni niyat qilib ham
kishilar bir-birlarigato'yona qilishadi. Bu ham o'zbek halqining
bag'ri keng, saxovatli, kelajak istiqboliga ishonch bilan yashovchi,
keng fe'lli xalq ekanligidan dalolat beradi.
Bu odat ham ayni paytda o'ziga xos hashar bo'lib, to'y egasining
elkasidagi og'ir yukni ancha engillashtiradi. To'yona odami va
joyiga qarab uy jihozlari, ro'zg'or anjom-ashyolari ham bo'lishi
mumkin. Ro'zg'or-g'or deyishadi. Unga nimalar kerak bo'lmaydi,
deysiz?! Shifoner, divan, stol-stul, radio-televizor, soat,
muzlatgich, gilam, palosdan tortib vilka-qoshiqqacha hamma-hammasi
kerak. Shuning uchun ham yangi oila ehtiyojlarini yaxshi bilag yaqin
kishilar o'zaro kelishib, rozg'or uchun eng zarur ashyolarni to'yona
o'rnida sovg'a-salom qilishadi. Turli yosh sanalari bilan bog'liq
to'ylarda o'zbeklar sarupo: do'ppi-chopon, belbog', to'ychi rasmi
tushirilgan turli-tuman kattaliklardagi chinni ko'zalar sovg'a
qiladilar.
Oilaning eng yaqinlari: aka-uka, opa-singil, quda-anda to'yning bir
tomonini ko'tarishlari ham mumkin. Chunonchi, birov guruch, birov
non, yana birov yog', boshqasi qand-qurs va hokazolarni o'z
zimmasiga oladi. Ayollar odatda, dasturxon usti pishiriqlari, go'sht
va sabzavot, gazaklari, qaziyu qatra, somsa-yu manti, tortu
pirojniylar tayyorlab, to'yga to'yona qilishni xush ko'rishadi.
To'yona qo'shishning hamma zamonlar uchun eng maqbul shakli qurbi
yetgan darajada pul, mablag' bilan yordam qilish usulidir. O'zbeklar
"qiynalsang, qiynalmasang" aqidasiga amal qilib, hozir andak
o'zlarini xarajatlardan tiysalar-da, keyinchalik to'y tashvishi
boshga tushganda, qiynalmasliklarini hisobga olib, imkoni boricha
yuqoriroq miqdorda pul to'yona qilishga intiladilar.
Qadim zamonlarda amir, xon, beklar o'z mavqelaridagi to'y egalariga
oltinu zabarjad, qimmatbaho buyumlar,"o'lmaydigan mollar"
sovg'a-salom qilganlar. Hozirgi kunda do'st, tanish, xizmatdosh
kishilar bir-birlarining to'ylariga imkon darajasida pul toyona
qiladilar.
To'yona degani bu sadaqa emas. U eb ketarga, xudo yo'liga
berilmaydi. To'yona bu o'ziga xos qarz berish bo'lib, xalqona
"jamg'arma xazina" si degan gap. "Qarz berish-sadaqa qilganning
savobini beradi", deyiladi hadislarda. Bu ham o'ziga xos mushkul
ahvoldagi kishining hojatini chiqarish, unga xolisanillo
ko'maklashish hisoblanadi. Shuning uchun ham toylarda to'y egasining
o'zi yoki uning eng yaqin kishisi qo'lida qalam-daftar bilan kimning
to'yiga nima, qancha qo'shganligini albatta yozib, "hujjatlashtirib"
boradi. Chunki olmoqning bermog'i ham bor. Yaqin vaqt orasida
"o'lmagan qul" to'yona berganlarning to'ylariga "qamishdan bel
bog'lab" xizmat qilishi, albatta unga quruq qo'l bilan bormay,
o'ziga yarasha himmat ko'rsatishi lozim bo'ladi. Ana shu yo'sin
to'yga to'yona bilan boriladi. O'zbeklarda "Hisobli do'st ajralmas",
deb shunga yatiladi.
Biz to'yonani yuqorida "qarz" deb aytdik. Biroq faqatgina shu "qarz"
ligi e'tiborga olinsa, balki u umri uzun udumlarimiz sifatida
unchalik ham e'tiborga loyiq bo'lmagan bo'lardi. To'yonaning yaxshi
niyat, kishining o'ziga tilaydigan tilagi sifatida ham ma'nosi
ulug'dir.
O'zi durustgina ishda ishlaydigan, biroq farzand ko'rmagan bir kishi
qaysi to'yga borsa, albatta, biron nima to'yona qilar, so'ngra
qariyalarga yuzlanib:
- Qani, bir duo qilinglar-chi, bizni ham shunday kunlarga
yetkazsin,-derdi.
Chollar duoga qo'l ochishardi.
Shu tariqa qariganda farzand ko'rib, niyati ijobat bo'lganlar ham
juda ko'pdir. Har holda, to'yonani dildan chiqarib bergan kishi
savob oladi, deyishadi.
Yuqoriga qaytish

Hayit
Hayitlar qadimiy diniy bayram bo'lib, ularning
tarkibiga kirgan ko'pgina marosimlar islomdan oldin ham xalq
taomilida bo'lgan. Islom ularni omuxtalab, o'z qonunlarini qo'shib,
hayit-bayramlarining umrini uzaytirgan.
Hayitning ikki xili mavjud bo'lib, xalqimiz bu bayramlarga azaldan
amal qilib keladi. Birinchisi-Qurbon hayiti,Katta hayit deb ataladi.
Uning oldidan ikki kun qolganda, arafa kunlari nishonlanadi. Yolg'on
arafa, 1 kun qolganda chin arafa, uchinchi kuni esa Hayit bayram
qilinadi. Yolg'on va chin arafa kunlari har bir xonadonda is
chiqarilib, chalpak, bo'girsoq, talqon, palov qilinadi. Qo'shnilar
bir-birlarini Hayit bilan muborakbod etib, xonadonlarga pishiriqlar
chiqaradilar. Bolalar va o'smirlar chopqillab yaqin-uzoq xonadon,
qarindosh-urug'larni yo'qlashga borib-keladilar.
Kichik hayit bu Ro'zai may ramazon deb atalib, odatda ro'za oyi
yakunida o'tkaziladi. Hayitlar Iydlar ham deb ataladi. "Hayitingiz
muborak bo'lsin", "iydingiz qulluq bo'lsin" tabriklarining ma'nosi
bir xildir. Katta hayit butun dunyo umumxalq marosimi-haj, ya'ni
Ka'baga ziyoratga borib, haj nomozi o'qish davridan boshlanib, ayrim
joylarda 7 kungacha bayram qilinadi. Bizning O'zbekiston, umuman,
O'rta O'siyo xalqlari orasida Qurbon hayiti hozirgi kunlargacha
nishonlanib kelinadi. Faqat bu marosim islom markazi arab
mamlakatlaridagidek etti kun emas, balki uch kun bayram qilinadi.
Qurbon hayiti-iyd-al-adho, ramazon hayiti-alfitr, me'roj-rajab oyi
bayrami, shuningdek, imom Xusaynni xotirlash kuni-ashuro, taqdir
kechasi-laylatul-qadr, Muhammad payg'ambarning tug'ilgan
kunlari-Mavlud islom dinida asosiy hayit-bayramlar sanaladi. Qurbon
hayiti zulhijja oyining 10-13 kunlarida (10-13 dekabr) tantana
qilinadi. Ba'zi mamlakatlarda shu oyning 7 kuni, ya'ni haj
boshlangan kundan 7 kun davom etadi. Ro'za hayiti esa ramazon oyi
tugab , yani shavvol oyining 1-3 kunlarida bayram qilinadi.
Hayitning birinchi kuni saharda kattayu kichik jome masjidiga borib,
bomdod namozi o'qiydilar.
Gado-yu, beva-bechoralarga sadaqa beriladi. Qurbonlik qilib, is
chiqariladi. Keyingi kunlari mozorlarga borilib, o'tganlarning ruhga
duoyu fotiha qilinadi. Azadorlar esa to'n kiyib, belbog' bog'lab,
do'ppi kiyib, marhumning uch kun davomida yo'qlovini o'rniga
qo'yadilar.
Hayot kunlari oilaga shirinliklar, yangi kiyim-boshlar, kiyimliklar
sotib olinib, bolalarga, ota-ona, bobyu buvilarga hadya qilinadi.
Oilabosho ro'zg'orning kattadan-kichigiga sarmoya uchun o'ziga
yarasha pul, chaqa ulashadi. Bu Hayit xarji deb nomlanadi.
Mahallalarda, qishloqlarda, shahar joylarda yangi tushgan kelinlar
borib ko'riladi. "Kelin ko'rdi" marosimlari o'tkaziladi.
Kichik hayit ro'za namozi bilan bo'gliq marosim bo'lib, bir oy
tutilgan ro'za-parhezdan keyin shavvol oyining 1-3 kunlari bayram
qilinadi. Bu bayram ham garchi nomi kichik hayit deb atalsa-da, xalq
orasida juda katta marosim sifatida nishonlanadi. Ro'za nomozidan
keyin bozor, mahalla, ko'chalarda tuxum, xo'roz, it, qo'chqor
urishtirayotgan yosh-yalanglarni, masxarabozlik sahnalarini,
dorbozlik o'yinlarini, savdo rastalari to'la bayram qandolatu
holvalarini uchratishingiz mumkin. Ro'za ichi har kuni oqshomlari
muayyan muddatda iftorlik "og'iz ochish" marosimlari o'tkaziladi. Bu
ham o'ziga xos mehmondorchilik bo'lib, ro'zadorlar niyat qilib
iftorlik berayotgan kishining uyida o'z ro'zalarini ochi, iftorlik
luqmalarini tanovul qilishadi. Iftorchi ro'zaning savobiga sherik
bo'ladi. Ro'zadorlar sahar turib, tamaddi qilib,"og'iz bog'lashadi".
Ya'ni, kun davomida suv ichilmaydi, ovqat eyilmaydi. Umuman , hech
nima iste'mol qilinmaydi. Bu kishilik a'zolarini, badanni o'ziga xos
parhez qilish, bir oz tozalashga, davolashga qaratilgan tadbirdir.
Roza kishi irodasini toblaydi, qanoat o'rgatadi. E'tiqodini
mustahkamlaydi.
Bir oylik ro'zadan keyin g'arib, miskin kishilar, kambag'al,
talabalar, gadolarga fitr ro'zalar, ya'ni, ro'za haqi, hadyasi
beriladi. Bu hadyani har kim har xil : imkoniyatga yarasha,
pul-chaqa bilan, un-non berib, kiymlik yoki sarpo bilan uzishi
mumkin. Ko'ngildan chiqarib, xudo yo'liga chin ixlos bilan ehson
qilingan narsa savob uchun qabul qilinadi.
Uch kunlik ro'zai may ramazon bayramlari oldidan ham oqshomlari
gavjum bo'ladi. Ya'ni, ba'zan kattalar, ko'pincha bolalar to'p
bo'lishib, qishloqlarda ramazon aytishadi. Ramazon ham xalqimizning
qadimiy diniy marosimlaridan biri bo'lib, o'ziga xosligi bilan
ajralib turdi. Ramazonda mash'ala yoqib olgan bolalar to'p
bo'lishib, xuftonda har bir xonadon darvozasiga borib, ramazon
aytadilar. Ramazon hayit qo'shiqlarinign jamlanmasining yoshlar
tomonidan jo'r bo'ib, ijro etilishidir. Ramazonda xonadonma-xonadon
yo'qlab, marosim qo'shiqlariaytiladi. Uy egalari ramazonchilarni
siylab, ularga non, qand-qurs, kiyimlar, pul-chaqa berishlari
mumkin. Ba'zi odam isi yoqmas, odamovi xonadon sohiblari
ramazonchilar ustidan darvozaxona tomidan turib chelakda suv seoib
yuboradilar. Ayrim hambo'ylar hazil-mutoyiba tarzida ham bu ishni
qilishi mumkin.
Ramazon qo'shiqlarining turli-tuman matnlari folklorshunoslar
tomonidan yozib olingan. Ular orasida ommalashganlari ham anchagina.
Ramazon qo'shiqlari xonadonga yaxshilik, rizq-ro'z, o'g'il-qiz
farzandlar, baraka-iqbol tilash, bu oyning muqaddas, xosiyatli, baxt
keltiruvchi oy ekanligini madh etishga bag'ishlanadi. Insoniylik,
o'zaro mehr-oqibat, olloh taolo oldidagi qarz, dunyoning bebaqoligi
esga solinadi. Yaxshilik qilish, savob orttirish ulug'lanadi.
Ramazon aytib keldik eshigingizga,
Xudoyim o'g'il bersin beshigingizga!
Ramazon aytgan bilanto'yamizmi?
Qadimgi rasmimizni o'yamizmi?!
Har bir band aytilgan paytda guruhning barcha a'zolari: " Yo,
ramazon"degan naqoratni takrorlab turadilar. Ramazonchi ijodkor
bolalar har bir uy-xonadonning o'ziga moz jihatlarini yaxshi bilab,
qo'shiq aytganlar. Xususan, bir oilaning serfarzandligi, aksincha
ikkinchisining befarzandligi, boy-badavlat yoinki kambag'alligini
albatta hisobga olishgan. Shu tomonlariga qarab, ramazon misralari
tuzilgan:
Bu uyning tepasida oy ko'rinar
Bu uyning egalari boy ko'rinar
Yo, ramazon!..
Uy egalari ramazon tabrigi-she'riy misralardan xursand, eshiklarini
ochib, bolalarga ataganlarini hadya qilganlar. Ramazonchilar tushgan
hadya-ehson "mollarini" halfana qilib, turli taomlar pishirib
eganlar.
Hayitlarning har ikkalasi ham odamlar o'rtasidagi mehr-oqibatni
mustahkamlagan. Keksa-bemor, marhumlarni yo'qlash, ziyorat
qilishning amaliy ibrat-namunasi bo'lib, yoshlarga beqiyos katta
maktab vazifasini o'tagan.
Hayitlar ham Navro'z kabi xalqning qadimiy, udumiy bayramlaridir.
Mahmud Sattorovning
"O’zbek udumlari" (Toshkent. Fan.1993-yil) kitobidan
foydalanildi.
Yuqoriga qaytish